Hukm chiqarilganidan keyin oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxs, shuningdek jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan boshqa ogʻir kasallikka chalingan shaxs jazoni oʻtashdan ozod qilinishi lozim. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga nisbatan sud tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllashi mumkin. Bunday shaxslar tuzalganidan keyin, ushbu Kodeksning 69-moddasida nazarda tutilgan va sud tomonidan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan kundan boshlab hisoblanadigan muddatlar oʻtib ketmagan boʻlsa, jazo ijro etiladi. Intizomiy qismga joʻnatish yoxud xizmat boʻyicha cheklash jazosiga hukm qilingan harbiy xizmatchilar, ularning sogʻligʻi harbiy xizmat uchun yaroqsiz deb topilgan boʻlsa, jazoni oʻtashdan ozod qilinadilar. Xizmat boʻyicha cheklash jazosiga hukm qilingan harbiy xizmatchi ayollar ularga homiladorlik va tugʻish taʼtili berilishi munosabati bilan ham jazoni oʻtashdan ozod qilinadilar. Majburiy jamoat ishlariga yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslar jazoni oʻtash vaqtida mehnatga yaroqsiz boʻlib qolsalar yoxud pensiya yoshiga yetgan boʻlsalar, shuningdek ayollar bu turdagi jazoni oʻtayotgan vaqtda homiladorlik va tugʻish taʼtiliga chiqsalar, jazoni oʻtashdan ozod qilinadilar.