Agar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtab boʻlganidan keyin unga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilmagan boʻlsa, jamoat birlashmasi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi, jamoa yoki jazoni oʻtab chiqqan shaxsning oʻzi bergan iltimosnomasiga koʻra sud ushbu Kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida yarmi oʻtganidan keyin uning sudlanganligini olib tashlashi mumkin. Ushbu Kodeksning 178 — 184 , 185 — 185² , 189 — 192-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi ular davlatga juda koʻp zarar yetkazmaganda, ushbu Kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida toʻrtdan bir qismi oʻtganidan keyin sud tomonidan olib tashlanishi mumkin. Oʻn besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtab chiqqan shaxslar hamda oʻta xavfli retsidivistlar, agar ular jazoni oʻtab chiqqanidan keyin oʻn besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin. Ushbu Kodeksning 13-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda ham sudlanganlik olib tashlanishi mumkin. Sudlanganlik afv etish yoki amnistiya akti asosida ham olib tashlanishi mumkin.