Axloq tuzatish ishlari faqat mehnatga layoqatli voyaga yetmaganlarga nisbatan oʻz ish joyida oʻtash, aybdor hech qayerda ishlamasa, ushbu jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan oʻzi yashaydigan hududdagi boshqa joylarda oʻtash tariqasida bir oydan bir yilgacha muddatga tayinlanadi. Voyaga yetmagan shaxs tayinlangan axloq tuzatish ishlarining oʻndan bir qismidan koʻprogʻini oʻtashdan boʻyin tovlagan taqdirda, sud bu jazoning oʻtalmagan qismini axloq tuzatish ishlarining har uch kunini ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi.