Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashni uzaytirish, oʻzgartirish va tugatish shifokor psixiatrlar komissiyasining xulosasi asosida, jazoni ijro etish muassasalarining davolash-profilaktika yordami koʻrsatish boʻlimlarida va mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashgan shifoxonada esa, tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi. Ruhiy holati buzilgan shaxs tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga muhtoj boʻlmagan hollarda, shuningdek bu choralarni qoʻllash tugatilganda sud bunday shaxsni umumiy asoslarda davolash yoki ijtimoiy taʼminot muassasasiga yuborish toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun sogʻliqni saqlash organlariga topshirishi mumkin. Alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan shaxslarga nisbatan jazo bilan bir qatorda tayinlangan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashni tugatish tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi.