Jinoyat-protsessual kodeksi 138-modda. Murdani koʻzdan kechirish

Surishtiruvchi yoki tergovchi murdaning tashqi koʻrinishini u topilgan joyda xolislar va sud-tibbiyot sohasidagi mutaxassis shifokor ishtirokida koʻzdan kechiradi. Bunday mutaxassis shifokor ishtirok etishiga imkoniyat boʻlmagan taqdirda, boshqa shifokor ishtirok etadi. Zarur hollarda murdani koʻzdan kechirish uchun boshqa mutaxassislar, shuningdek ekspertlar jalb qilinadi. Eksgumatsiya vaqtida murdani koʻzdan kechirish ushbu Kodeksning 148 — 152-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda oʻtkaziladi. Murda topilgan joyda uni tanib olish uchun koʻrsatish chogʻida ushbu Kodeksning 126 va 131-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinadi. Tanib olinmagan murdalarning barmoq izlari olinishi shart. Ushbu Kodeksning 188 — 191 , 193 va 197-moddalari talablariga rioya qilgan holda murdadan tekshirish uchun boshqa xil namunalar ham olinishi mumkin. Tanib olinmagan murdani faqat prokuror ruxsati bilangina koʻmiladi.