Jinoyat-protsessual kodeksi 141-modda. Koʻzdan kechirish bayonnomasi

Ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi yoki tergovchi koʻzdan kechirish oʻtkazilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi, sud esa koʻzdan kechirish jarayonini va uning natijalarini sud majlisi bayonnomasida qayd etadi. Bayonnomada koʻzdan kechirish davomida topilgan barcha narsalar, ular qanday tartibda koʻzdan kechirilgan boʻlsa, xuddi shu tartibda, koʻzdan kechirish paytida qanday holatda kuzatilgan boʻlsa, xuddi shu holatda qayd etiladi. Koʻzdan kechirish chogʻida topilgan va olingan barcha izlar, narsalar, hujjatlar va elektron maʼlumotlar sanab oʻtiladi. Olingan buyumning egasiga tegishli maʼlumotnoma yoki bayonnomaning nusxasi beriladi. Bundan tashqari, bayonnomada: koʻzdan kechirish qaysi vaqtda, qanday ob-havoda va qanday yorugʻlikda oʻtkazilganligi; qanday ilmiy-texnika vositalari qoʻllanilganligi va qanday natijalar olinganligi; koʻzdan kechirishda koʻmaklashish uchun kimlar jalb qilinganligi va koʻmaklashish nimada oʻz aksini topganligi; qanday narsalar va hujjatlar qay tartibda va qanday muhr bilan muhrlanganligi; koʻzdan kechirilganidan keyin murda va ish uchun ahamiyatli boʻlgan narsalarning qayerga yuborilganligi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.