Jinoyat-protsessual kodeksi 148-1-modda. Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish

Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, tergovchi, surishtiruvchi, qonuniy vakil yoki murdasi eksgumatsiya qilinishi lozim boʻlgan vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri, zarur hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda ishtirok etayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Sud majlisining oʻtkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi. Murdani eksgumatsiya qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, soʻngra taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.