Jinoyat-protsessual kodeksi 158-1-modda. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish

Tintuv oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida uni oʻtkazish uchun asoslarni bayon etgan holda qaror chiqaradi. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi. Tergovchining yoki surishtiruvchining tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi. Prokuror tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda tintuv tergovchining yoki surishtiruvchining qaroriga asosan sudning roziligisiz oʻtkazilishi mumkin, biroq keyinchalik sud va prokuror oʻtkazilgan tintuv haqida yigirma toʻrt soat ichida xabardor qilinadi. Xabarnomada kechiktirib boʻlmaydigan holatlar aniq koʻrsatilishi kerak. Tintuv oʻtkazish haqidagi qarorning qonuniyligini tekshirish uchun mazkur xabarnomaga tergovchining yoki surishtiruvchining tintuv oʻtkazish haqidagi qarorining, tintuv bayonnomasining va zarur materiallarning koʻchirma nusxalari ilova qilinadi. Mazkur xabarnomani va unga ilova qilingan materiallarni olgach, sudya oʻtkazilgan tintuvning qonuniyligini qirq sakkiz soat ichida ushbu Kodeksning 158² va 158³-moddalari tartibida tekshiradi hamda uning qonuniyligi yoki qonunga xilofligi toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Agar sudya oʻtkazilgan tintuvni qonunga xilof deb topsa, tintuv oʻtkazish chogʻida olingan barcha dalillar ushbu Kodeksning 95¹-moddasiga muvofiq nomaqbul deb topiladi.