Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, zarurat boʻlgan hollarda tergovchi, surishtiruvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ham ishtirok etadi. Sud majlisining oʻtkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi. Pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini oʻtkazish zaruratini asoslab beradi, soʻngra taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.