Jinoyat-protsessual kodeksi 175-modda. Tekshirish obyektlari

Ashyoviy dalillar, ekspert tekshiruvi uchun namunalar, boshqa moddiy obyektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, axborot tizimlarida, elektron jismlarda va Internet jahon axborot tarmogʻi manbalarida saqlanayotgan elektron maʼlumotlar, shuningdek ekspertiza oʻtkazilayotgan ish materiallari tekshirish obyektlari boʻlishi mumkin. Ekspert tekshiruvlari tirik odamga nisbatan ham oʻtkaziladi. Ekspertizani oʻtkazishda tekshirish obyektlari (tirik odamdan tashqari) ekspert tekshiruvini oʻtkazish uchun qay darajada zarur boʻlsa, shu darajada shikastlanishi yoki ishlatilishi mumkin. Bunda tekshirish obyektining qisman shikastlanishi yoki ishlatilishiga ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati olinishi zarur, tayinlangan ekspertizaning oʻziga xos xususiyatlari obyektning shikastlanishini (buzilishini) yoki ishlatilishini taqozo etuvchi hollar bundan mustasno. Tekshirish obyektlarining ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) yozma ruxsati bilan yoxud tayinlangan ekspertizaning oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq holda shikastlanganligi yoki ishlatilganligi davlat sud-ekspertiza muassasasi, boshqa korxona, muassasa, tashkilot yoki ekspert tomonidan mazkur obyektlarning mulkdoriga zararning oʻrni qoplab berilishiga sabab boʻlmaydi. Tekshirish obyektlari, agar ularning oʻlchamlari va xossalari imkon bersa, oʻralgan va muhrlangan holda ekspertga topshirilishi kerak. Tekshirish obyektini ekspertning ish joyiga yetkazib berishning iloji boʻlmaganda, ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) unga mazkur obyektni moneliksiz kirib koʻrishni va uni tekshirish imkoniyatini taʼminlaydi. Tekshirish obyektlari davlat sud-ekspertiza muassasalarida, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarida va sudlarda ashyoviy dalillarni saqlash qoidalariga rioya qilingan holda saqlanadi. Ekspertiza tugallanganidan keyin tekshirish obyektlari, agar ular toʻla ishlatilgan boʻlmasa, ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.