Jinoyat ishini yuritish uchun masʼuliyatli barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyat protsessida qatnashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishlari shart. Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Sud va prokuror qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum etilgan yoki qonun yoxud sud hukmida nazarda tutilganidan ortiq muddat hibsda ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan yoxud uy qamogʻida boʻlgan har qanday shaxsni darhol ozod qilishi shart. Fuqarolarning shaxsiy hayoti, ularning turar joylari daxlsizligi, oʻzaro yozishmalari, telegraf aloqalari va telefon orqali soʻzlashuvlarining sir saqlanishi qonun bilan qoʻriqlanadi. Shaxs egallab turgan turar joy yoki boshqa bino va hududda tintuv oʻtkazish, olib qoʻyish, koʻzdan kechirish, aloqa muassasalarida pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va ularni olib qoʻyish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish faqat ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda amalga oshirilishi mumkin. Ishni yuritish jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarini buzish oqibatida unga yetkazilgan zarar ushbu Kodeksda belgilangan asoslar va tartibda undirilishi lozim.