Ekspertiza ekspertiza muassasasidan tashqarida oʻtkaziladigan boʻlsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisida qaror yoki ajrim chiqargandan keyin ekspertiza oʻtkazish topshirilayotgan shaxsni chaqirtiradi, uning shaxsi va malakasini, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, jabrlanuvchiga boʻlgan munosabatini va uni rad etishga asoslar bor-yoʻqligini aniqlaydi. Ekspertizani tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertga ekspertiza tayinlanganligi toʻgʻrisidagi qarorni yoki ajrimni taqdim etadi, uni ushbu Kodeksning 68-moddasida koʻrsatilgan huquq va majburiyatlari bilan tanishtiradi va bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz ish yopiq sud majlisida koʻrilganda esa yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bundan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantiradi. Ekspert bergan ariza va iltimosnomalar ham shu zaylda qayd etiladi. Ekspertning iltimosi rad etilgan taqdirda, ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud bu haqda qaror yoki ajrim chiqaradi. Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi yoki guvohning badanini yoxud ruhiy holatini tekshirish zarurati paydo boʻlsa, ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ularning ekspertga olib kelinishini taʼminlashi shart.