Jinoyat-protsessual kodeksi 187-10-modda. Tekshirilayotgan subyekt mansabdor shaxslarining yoki vakillarining huquqlari va majburiyatlari

Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari quyidagilarga haqli: tekshiruvchi shaxslardan taftish oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlarni talab qilish, xizmat guvohnomasi, shuningdek taftishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi maxsus guvohnoma bilan tanishish; oʻz faoliyati taftishdan oʻtkazilishi toʻgʻrisida tegishli axborotga ega boʻlish, taftish oʻtkazuvchi shaxslar tomonidan tadbirlar oʻtkazilishi chogʻida tushuntirishlar berish va ularda hozir boʻlish; taftish oʻtkazuvchi shaxslarning oʻz vakolatiga kirmaydigan masalalarga doir talablarini bajarmaslik va ushbu shaxslarni taftish mavzuyiga taalluqli boʻlmagan hujjatlar, axborot va materiallar bilan tanishtirmaslik; xizmat guvohnomasini, taftishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomani, taftishni tayinlash haqidagi qarorning yoki ajrimning, vakolatli organning taftish oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻining koʻchirma nusxalarini taqdim etmagan shaxslarni taftish oʻtkazish uchun hududga va binolarga kiritmaslik, shuningdek taftish muddatlari boshlanmagan yoki oʻtib ketgan yoxud taftish oʻtkazuvchi shaxs tekshiruvlarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobini toʻldirishni rad etgan taqdirda, hududga va binolarga kiritmaslik; taftish tugallangan kunda taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning bir nusxasini taftish oʻtkazuvchi shaxslardan olish; qonunchilikda belgilangan tartibda taftish natijalari ustidan shikoyat qilish, shu jumladan surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga qoʻshimcha yoki qayta taftish tayinlash toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish yoʻli bilan shikoyat qilish. Tekshirilayotgan subyektning mansabdor shaxslari yoki vakillari: taftish oʻtkazuvchi shaxslarni taftish oʻtkazish uchun hududga va binolarga kiritishi; taftish oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni, axborotni va materiallarni taftish oʻtkazuvchi shaxslarning qonuniy talabiga koʻra taqdim etishi; taftish oʻtkazuvchi shaxslarning oʻz majburiyatlarini bajarishida ularga koʻmaklashishi shart.