Qoʻshimcha taftish taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada mavjud boʻlgan kamchiliklarni toʻldirish va ish boʻyicha yangidan aniqlangan holatlarni aniqlashtirish uchun tayinlanadi. Qayta taftish quyidagi hollarda tayinlanadi: taftish xulosalari va natijalariga rozi emaslik toʻgʻrisida tekshirilgan subyekt, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan taqdim etilgan eʼtirozlar asosli deb topilganda; taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada taftish materiallari va jinoyat ishining boshqa materiallari bilan qarama-qarshiliklar mavjud boʻlganda, shuningdek taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomadagi xulosalarga asos boʻlgan hujjatlar, axborot va materiallar notoʻgʻri deb topilganda; taftish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada koʻrsatilgan xulosalar asossiz boʻlganda yoki ularning toʻgʻriligi shubha tugʻdirganda. Dastlabki taftishni oʻtkazgan shaxslar qayta taftish oʻtkazish uchun tayinlanishi mumkin emas. Qoʻshimcha taftish yoki qayta taftish ushbu bobda belgilangan tartibda va muddatlarda oʻtkaziladi.