Jinoyat-protsessual kodeksi 226-modda. Ushlab turish muddati

Ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga boʻlgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) eʼtiboran koʻpi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qoʻshimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin. Ushlab turish muddati tugagunga qadar va asoslar mavjud boʻlganda shaxs ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi, unga ayb eʼlon qilinishi, ushbu Kodeksning 109 — 112-moddalaridagi qoidalar boʻyicha soʻroq qilinishi va ushbu Kodeksning 236 — 240-moddalari qoidalariga amal qilgan holda ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinishi zarur. Alohida hollarda, ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamogʻi yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilishi mumkin. Bunda gumon qilinuvchiga u ushlangan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ayblov eʼlon qilinishi kerak. Aks holda ehtiyot chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamogʻidan ozod etiladi, garov esa garovga qoʻyuvchiga qaytariladi. Jinoyat ishi qoʻzgʻatilganidan keyin va ushlab turishning butun muddati mobaynida ishni yuritish oʻziga taalluqli boʻlgan surishtiruvchi va tergovchi jinoyatni sodir etish holatlarini aniqlash, ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish uchun oʻz vakolatlari doirasida tergov harakatlari oʻtkazishi mumkin.