Jinoyat-protsessual kodeksi 236-modda. Ehtiyot choralari qoʻllanilishining maqsad va asoslari

Ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan boʻyin tovlashining oldini olish; uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish; uning ish boʻyicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlariga yoʻl qoʻymaslik; hukmning ijro etilishini taʼminlash maqsadida qoʻllaniladi. Ayblanuvchi, sudlanuvchi sodir etgan, Jinoyat kodeksi 15-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning xavfliligi tufayli u surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi mumkin degan oʻrinli taxmin ham qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asos boʻlishi mumkin. Ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilishini kutayotgan shaxslarga, shuningdek aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslarga nisbatan ehtiyot choralari ularning qochib ketishining va boshqa ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish, shuningdek tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash haqidagi sud ajrimining ijrosini taʼminlash maqsadida qoʻllanilishi mumkin.