Ayblanuvchini qamoqda saqlab turishning yoki u uy qamogʻida boʻlishining belgilangan muddati tugashidan kamida olti sutka oldin tegishli prokuror qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi, bu qaror sudga yuboriladi. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda tergovning choʻzilib ketganligi sabablari, tekshirilishi lozim boʻlgan tusmollar va holatlar, qoʻshimcha ravishda soʻralayotgan muddat koʻrsatilishi kerak. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma jinoyat sodir etilgan yoki surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma prokuror, ayblanuvchi, himoyachi ishtirokida koʻrib chiqiladi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin. Ayblanuvchi statsionar sud-psixiatriya ekspertizasidan oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan taqdirda, qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sud tomonidan ayblanuvchining ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin. Bunda ayblanuvchining himoyachisi sud majlisida ishtirok etishi shart. Sudya qamoqda saqlab turish yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish