Jinoyat-protsessual kodeksi 254-3-modda. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi boʻlmagan yoxud pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi materialni koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Sud majlisida prokuror, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanib, u davlatlararo yoki xalqaro qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatish zaruriyatini asoslab beradi. Soʻngra himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqadi.