Prokuror, tergovchi, surishtiruvchi Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qoʻllash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorda chiqish huquqini vaqtincha cheklash zaruriyatining yuzaga kelishiga sabab boʻlgan asoslar bayon etiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi surishtiruvchining yoki tergovchining qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi. Prokuror Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.