Jinoyat-protsessual kodeksi 254-modda. Harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qoʻmondonlik kuzatuvi

Ayblanayotgan muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisi yoki oʻquv yigʻiniga chaqirilgan harbiy xizmatga majbur shaxs surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi boʻyicha harbiy qism, qoʻshilma, harbiy muassasa, harbiy oʻquv yurti qoʻmondonligining kuzatuviga berilishi mumkin. Qoʻmondonlik kuzatuvi qonunchilikda nazarda tutilgan va ayblanuvchining munosib xulq-atvorda boʻlishini taʼminlaydigan choralarni koʻrishdan iborat. Ushbu ehtiyot chorasini qoʻllash, bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori va sudning ajrimi qoʻmondonlik uchun majburiydir, unga harbiy xizmatchi ustidan kuzatuv oʻrnatish zaruratini keltirib chiqargan ayblovning mohiyati tushuntirilishi lozim. Oldini olish maqsadida mazkur ehtiyot chorasi qoʻllanilgan harakatlar ayblanuvchi tomonidan sodir etilgan taqdirda, qoʻmondonlik surishtiruvchini, tergovchini, prokurorni yoki sudni bu haqda darhol xabardor qilishi shart.