Jinoyat-protsessual kodeksi 28-modda. Sud

Oʻzbekiston Respublikasida jinoyat ishlari boʻyicha odil sudlovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudlari va harbiy sudlar amalga oshiradi. Birinchi instansiya sudi jinoyat ishi boʻyicha hukm yoki ajrim chiqarish huquqiga ega. Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari va ajrimlari ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar) boʻyicha ishlarni koʻrib, hukm yoki ajrim chiqaradi. Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan hukmlari va ajrimlari ustidan, agar ular apellyatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, shikoyatlar (protestlar) boʻyicha ishlarni koʻrib, hukm yoki ajrim chiqaradi. Taftish instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudida koʻrib chiqilgan hukmlari va ajrimlari ustidan, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudining hukmlari yoxud ajrimlari ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar) boʻyicha ishlarni koʻrib, hukm, ajrim yoxud qaror chiqaradi.