Jinoyat sodir etilishi natijasida mahrum boʻlingan va ish boʻyicha ashyoviy dalil deb eʼtirof etilgan mol-mulkning mulkdori yoki qonuniy egasi bu mol-mulkdan voz kechsa va uning qiymatini undirib berish toʻgʻrisida fuqaroviy daʼvo qoʻzgʻatsa, sud mol-mulkdan voz kechishni asosli deb topib, fuqaroviy daʼvoni qanoatlantirgan holda mol-mulkni mahkumga yoki fuqaroviy javobgarga beradi. Sud mol-mulkdan voz kechishni asossiz deb topsa, daʼvoni qondirmaydi yoki qisman qondirib, qaytariladigan mol-mulkning qiymati qanchaga pasaygan boʻlsa, shu summani yoxud tovar koʻrinishini yoʻqotganligi sababli taʼmirlashga qilinadigan chiqim summasini va tovonini jabrlanuvchi yoki fuqaroviy daʼvogar foydasiga undirib beradi. Mol-mulkning dastlabki va keyingi qiymati hamda tovar koʻrinishini yoʻqotganlik uchun tovon puli mutaxassis yoki ekspert ishtirokida aniqlanadi, taʼmirlash qiymati esa, taʼmirlashni amalga oshirayotgan korxona bergan hujjat asosida aniqlanadi.