Sudning vakolatlariga: qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash yoxud qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʻliq iltimosnoma, shikoyat va protestni ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisida ajrim chiqargan sudni albatta xabardor qilgan holda koʻrib chiqish; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi yoki ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi, murdani eksgumatsiya qilish haqidagi, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi, tintuv oʻtkazish haqidagi, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish toʻgʻrisidagi, mol-mulkni xatlash haqidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish; prokurorning amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisidagi yoki jinoyat ishini tugatish haqidagi yoxud mahkumni jazodan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish; prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish; prokurorning xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini koʻrib chiqish; jinoyat ishini sud muhokamasiga tayyorlash; dastlabki eshituv oʻtkazish; ishni muhokama qilish va hukm chiqarish yoki boshqa qaror qabul qilish; ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida koʻrib chiqish; hukmni ijro ettirish kiradi. Yuqori sudlar, bundan tashqari, oʻz vakolatlari doirasida quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradilar.