Jinoyat-protsessual kodeksi 318-modda. Protsessual chiqimlar

Protsessual chiqimlar: 1) jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar oʻtkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan; 2) doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlanadigan summadan; 3) ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun toʻlanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno; 4) ushbu Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi toʻlovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam koʻrsatganlik uchun himoyachiga toʻlanadigan haqdan; 5) ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasidan; 6) ekspertiza muassasalarida ekspertiza oʻtkazish uchun sarflangan summadan; 7) shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan; 7¹ ) surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda oʻtkazish chogʻida qilingan xarajatlardan; 8) jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan iborat boʻladi. Ushbu moddaning 1 , 2 , 3 , 4 va 7¹-bandlarida koʻrsatilgan summalar surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga muvofiq budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.