Jinoyat-protsessual kodeksi 362-modda. Ayblovni oʻzgartirish, tugatish va toʻldirish

Basharti tergov oʻtkazish chogʻida dastlabki ayblovni qayta koʻrib chiqishni taqozo etadigan yangi dalillar toʻplangan boʻlsa yoki dastlabki ayblovning noaniqligi yoxud yuridik tavsifi notoʻgʻriligi maʼlum boʻlib qolsa, dastlabki ayblov oʻzgartirilishi, qisman tugatilishi yoki toʻldirilishi lozim. Bu haqda tergovchi qaror chiqaradi va unda ayblovning yangi mazmunini bayon qiladi. Ushbu Kodeksning 83-moddasida hamda 84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan ayblanuvchini reabilitatsiya etish uchun asos boʻladigan yoki ishni yuritish uchun monelik qiladigan holatlar aniqlansa, ayblov tugatiladi. Ayblovni tugatish toʻgʻrisida tergovchi qaror chiqaradi. Bir yoʻla shu qaror bilan tergovchi ayblanuvchiga nisbatan qoʻllanilgan ehtiyot chorasi, mulkni xatlash, lavozimdan chetlashtirish choralarini bekor qiladi va shaxsga ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga qonunsiz jalb qilinganligi sababli koʻrgan ziyonlarini undirib olish huquqiga ega ekanligini tushuntiradi. Qarorning nusxasi shu shaxsga darhol taqdim qilinishi yoki yuborilishi lozim.