Jinoyat-protsessual kodeksi 37-modda. Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhi boshligʻining va uning oʻrinbosarining vakolatlari

Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhining boshligʻi va uning oʻrinbosari oʻz vakolatlari doirasida jinoyatlarni ochish va ularning oldini olish yuzasidan tergovchilarning oʻz vaqtida harakat qilishini nazorat etadilar, jinoyat ishlari boʻyicha dastlabki tergovni toʻla, har tomonlama va xolisona olib borish choralarini koʻradilar. Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhining boshligʻi va uning oʻrinbosari ishlarni tekshirib koʻrishga, shuningdek dastlabki tergov oʻtkazish, shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok qilish uchun jalb etish, jinoyatni tavsif qilish va ayblovning hajmi, ishning yoʻnalishini belgilash, ayrim tergov harakatlarini oʻtkazish haqida tergovchiga koʻrsatmalar berishga, ishni bir tergovchidan ikkinchi tergovchiga olib berishga, ishni tergov qilishni bir necha tergovchiga topshirishga, shuningdek tergovchi vakolatlaridan foydalanib, dastlabki tergov olib borishda qatnashishga va dastlabki tergovni shaxsan oʻzi olib borishga haqlidir. Tergov boshqarmasi, boʻlimi, boʻlinmasi, guruhi boshligʻining va uning oʻrinbosarining ish yuzasidan koʻrsatmalari tergovchiga yozma tarzda beriladi va ularning ijro etilishi majburiydir. Olingan koʻrsatmalar ustidan prokurorga shikoyat qilinishi, ushbu Kodeks 36-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, ularning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.