Jinoyat-protsessual kodeksi 381-11-modda. Jinoyat ishini tugatish

Jinoyat ishi ushbu Kodeksning 83 va 84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda tugatiladi. Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan asos mavjud boʻlganda jinoyat ishini tugatish ushbu Kodeksning 63-bobida nazarda tutilgan qoidalarga binoan sud tomonidan amalga oshiriladi. Surishtiruvchining jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori ushbu Kodeksning 374-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda tuziladi. Surishtiruvchi ishni tugatish toʻgʻrisida qaror chiqargach, bu haqda gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga, shuningdek jabrlanuvchiga, fuqaroviy daʼvogarga, fuqaroviy javobgarga va ularning vakillariga, xuddi shuningdek ish korxona, muassasa, tashkilot yoki fuqaroning bergan xabari bilan qoʻzgʻatilgan boʻlsa, shu korxona, muassasa, tashkilot vakillariga yoxud fuqaroga xabar qiladi. Ayni vaqtda ularga ishni tugatish toʻgʻrisidagi qaror ustidan prokurorga shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi. Harbiy xizmatga chaqiriluvchi shaxsga nisbatan ish tugatilganda surishtiruvchi bu haqda yetti kunlik muddat ichida yozma tarzda tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimiga xabar qiladi.