Prokuror yoki uning oʻrinbosari tergovchidan ayblov xulosasi yoki surishtiruvchidan ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini oʻrganib chiqishi va: 1) ayblanuvchi zimmasiga qoʻyilayotgan qilmish sodir etilgan yoki etilmaganligini va bu qilmishda jinoyat tarkibi bor-yoʻqligini; 2) qoʻyilgan ayb ishdagi mavjud dalillar bilan asoslantirilgan-asoslantirilmaganligini; 3) ayblanuvchining isbotlangan barcha jinoiy qilmishlari ayblov mazmuniga kiritilgan-kiritilmaganligini; 4) jinoyati fosh qilingan barcha shaxslar ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan-qilinmaganligini; 5) ayblovni yoki ishni tugatishga sabab boʻladigan holatlar bor-yoʻqligini; 6) ayblanuvchining qilmishlariga toʻgʻri yoki notoʻgʻri tavsif berilganligini; 7) tergovga tegishlilik qoidalariga rioya qilinganligini; 8) ehtiyot chorasi toʻgʻri yoki notoʻgʻri tanlanganligini; 9) fuqaroviy daʼvoni va boshqa mulkiy undirishlarni taʼminlash choralari koʻrilgan-koʻrilmaganligini; 10) jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar aniqlangan-aniqlanmaganligini hamda ularga barham berish choralari koʻrilgan-koʻrilmaganligini; 11) tergov sinchkovlik bilan, har tomonlama, toʻla va xolisona oʻtkazilgan-oʻtkazilmaganligini, barcha vajlar tekshirilganligini va himoyaning iltimosnomalari koʻrib chiqilganligini; 12) ishni birlashtirishda yoki ajratishda ushbu Kodeksning 332-moddasi talablariga rioya etilgan-etilmaganligini; 13) ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi ushbu Kodeksning 379 , 380 va 381¹²-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq tuzilgan-tuzilmaganligini; 14) surishtiruvchi va tergovchi ushbu Kodeksning boshqa talablariga rioya qilgan-qilmaganligini tekshirishi shart.