Jinoyat-protsessual kodeksi 405-7-modda. Jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishni toʻxtatib turish va qayta tiklash

Agar jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituvni oʻtkazish chogʻida ayblanuvchining yashiringanligi aniqlansa, sudya ushbu ayblanuvchiga nisbatan ish yuritishni toʻxtatib turish va unga nisbatan qidiruv eʼlon qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, bundan ushbu Kodeksning 410 va 418-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bir vaqtning oʻzida ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini oʻzgartirish masalasi hal etiladi. Ayblanuvchining sud majlisida ishtirok etishini istisno etadigan ogʻir va davomli kasallikka chalinganligi sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda, sudya ishni yuritishni ayblanuvchi sogʻayguniga qadar toʻxtatib turish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Jinoyat ishi boʻyicha ish yuritish uning toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin qayta tiklanadi. Jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishni qayta tiklash toʻgʻrisida sudya ajrim chiqaradi.