Fuqaroviy daʼvogar yoki uning vakili sud majlisiga kelmagan taqdirda, sud fuqaroviy daʼvoni koʻrmaydi; bu holda mulkiy zarar koʻrgan shaxsning fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qilish huquqi saqlanadi. Sud fuqaroviy daʼvoni fuqaroviy daʼvogarning iltimosiga koʻra uning ishtirokisiz koʻrishga haqlidir. Basharti fuqaroviy daʼvoni prokuror quvvatlasa yoki sud uni koʻrish zarur deb topsa, fuqaroviy daʼvogar yoki uning vakili kelish-kelmasligidan qatʼi nazar, sud fuqaroviy daʼvoni koʻraveradi. Fuqaroviy javobgar yoki uning vakilining sud majlisiga kelmasligi fuqaroviy daʼvoni koʻrishni toʻxtatmaydi.