Sudda soʻroq qilish ushbu Kodeksning 96 — 108-moddalarida nazarda tutilgan talablarga, shuningdek quyida belgilangan qoidalarga amal qilgan holda olib boriladi. Har bir guvoh hali soʻroq qilinmagan guvohlar yoʻqligida soʻroq qilinadi. Soʻroq qilingan guvohlar sud majlisi zalida qoladilar va sud tergovi tamom boʻlmasdan ilgari zaldan faqat sudning ijozati bilan chiqib ketishlari mumkin. Voyaga yetmagan guvohni soʻroq qilish haqiqatni aniqlash manfaatlari talab qilgan hollarda sudning ajrimi bilan sudlanuvchining yoʻqligida oʻtkazilishi mumkin. Sudlanuvchi sud majlisi zaliga qaytib kirgandan keyin guvohning bergan koʻrsatuvlari unga maʼlum qilinishi hamda shu guvohga savollar berishga imkoniyat yaratilishi lozim. Voyaga yetmagan guvoh soʻroq qilinib boʻlgach, sud bu guvohning majlis zalida qolishi zarur deb hisoblaydigan hollarni mustasno etganda, sud majlisi zalidan chiqarib yuborilishi lozim. Jabrlanuvchi, shuningdek ekspert va mutaxassis sud muhokamasining boshidan oxirigacha sud majlisi zalida boʻlishga va barcha soʻroqlar chogʻida hozir boʻlishga haqlidir. Sudlanuvchini soʻroq qilish ishning unga maʼlum holatlari toʻgʻrisida koʻrsatuv berishi haqida raislik qiluvchining taklifi bilan boshlanadi. Shundan keyin sudlanuvchini davlat ayblovchisi, jamoat ayblovchisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar va ularning vakillari, himoyachi, jamoat himoyachisi, fuqaroviy javobgar va uning vakili soʻroq qiladilar. Soʻngra sudlanuvchiga boshqa sudlanuvchilar va ularning himoyachilari savollar berishi mumkin. Jabrlanuvchilarni, shuningdek ayblov xulosasiga va ayblov dalolatnomasiga ilova qilingan roʻyxatga binoan sud majlisiga chaqirilgan yoki ayblovchi tomonning iltimosiga binoan qoʻshimcha ravishda chaqirilgan guvohlar va ekspertlarni soʻroq qilish ham ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi. Basharti guvohlar va ekspertlar sud majlisiga himoya tomonining iltimosiga binoan chaqirilgan boʻlsalar, ularni dastlab shu iltimosni qilgan sudla