Jinoyat-protsessual kodeksi 472-modda. Hukmning imzolanishi va sudyaning alohida fikri

Hukm sudya tomonidan chiqarilgan boʻlsa, uni sudyaning yakka oʻzi, sud tarkibi tomonidan chiqarilgan boʻlsa, sudyalarning hammasi imzolaydi. Ovoz berish vaqtida ozchilikni tashkil qilgan sudya hukmga imzo qoʻyib, oʻzining alohida fikrini yozma ravishda bayon qilishga haqlidir. Bu fikrni u bevosita maslahatxonada yozishi lozim. Alohida fikr ishga ilova qilinadi, lekin sud majlisining zalida eʼlon qilinishi mumkin emas. Agar alohida fikr mavjud boʻlgan ish apellyatsiya tartibida koʻrilmagan boʻlsa, hukm qonuniy kuchga kirgandan keyin ish uni belgilangan tartibda koʻrib chiqish masalasini hal etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuborilishi lozim.