Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning voyaga yetmagan bolalari, qari ota-onalari, qaramogʻida boshqa shaxslar boʻlsa va ular qarovsiz hamda yordamsiz qolayotgan boʻlsa, sud ayblov hukmini chiqarish bilan bir vaqtda ularni qarindoshlari yoki boshqa shaxslarning va muassasalarning vasiyligiga yoki homiyligiga topshirish toʻgʻrisida, mahkumning qarovsiz qolayotgan mol-mulki yoki uy-joyi boʻlsa, ularni qoʻriqlab turish choralarini koʻrish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ushbu Kodeksning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek tegishli mansabdor shaxslarning eʼtiborini surishtiruv va dastlabki tergov oʻtkazishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga jalb qilish zarur boʻlganda sud hukm chiqarish bilan bir vaqtda xususiy ajrim ham chiqaradi. Ushbu moddada koʻrsatilgan barcha protsessual qarorlar sud majlisining zalida hukm eʼlon qilinganidan keyin oʻqib eshittirilishi lozim.