Jinoyat-protsessual kodeksi 49-modda. Himoyachi

Himoyachi gumon qilinuvchilarning, ayblanuvchilarning, sudlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilishni amalga oshirish hamda ularga zarur yuridik yordam koʻrsatish vakolatiga ega boʻlgan shaxsdir. Ishda himoyachilar sifatida advokatlar ishtirok etishlari mumkin. Advokatning ishda ishtirok etishiga u advokat guvohnomasini koʻrsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan keyin yoʻl qoʻyiladi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishiga gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosnomasi boʻyicha surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sud ajrimiga binoan yoʻl qoʻyilishi mumkin. Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga boʻlgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.