Jinoyat-protsessual kodeksi 503-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) berilganligi toʻgʻrisida xabardor qilish

Hukm, ajrim chiqargan sud kassatsiya shikoyati (protesti) berilganligi toʻgʻrisida mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning himoyachilarini, qonuniy vakillarini, prokurorni, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni va ularning vakillarini, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, uch sutka ichida xabardor qiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning koʻchirma nusxalari yuboriladi yoxud hukmni, ajrimni chiqargan sudning internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga ularning shikoyatga, protestga doir eʼtirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi, eʼtirozlarni taqdim etish muddati koʻrsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat, protest yuzasidan kelib tushgan eʼtirozlar jinoyat ishi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi. Taraflar kassatsiya shikoyatiga, protestiga doir eʼtiroz bilan birga yangi materiallarni alohida taqdim etishga yoki ularni talab qilib olish va tekshirish toʻgʻrisida, shuningdek oʻzlari koʻrsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va soʻroq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli.