Jinoyat-protsessual kodeksi 504-2-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan kassatsiya tartibida xususiy shikoyat berish va protest bildirish

Birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan ajrimi ustidan ushbu Kodeksning 499-moddasida koʻrsatilgan shaxslar tomonidan kassatsiya tartibida xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin. Hukm chiqarish bilan yakunlangan sud muhokamasi davomida chiqarilgan ajrim ustidan shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda, ish kassatsiya instansiyasi sudiga yuboriladi. Sud muhokamasi davomida chiqarilgan dalillarni tekshirish tartibiga, jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlashga, uni oʻzgartirishga yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga taalluqli ajrimlar ustidan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berish va protest bildirish mumkin emas. Ularga qarshi eʼtirozlar kassatsiya shikoyatiga yoki kassatsiya protestiga kiritilishi mumkin. Mazkur ish boʻyicha taraf hisoblanmagan shaxslar sud ajrimi ustidan, agar ajrim ularning manfaatlariga daxldor boʻlsa, shikoyat berishga haqlidir.