Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha koʻrib chiqiladi. Kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) boʻyicha koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagilarga haqli: 1) birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgarishsiz, xususiy shikoyatni (xususiy protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga; 2) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni yangidan sudda koʻrib chiqish uchun yuborishga; 3) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar boʻyicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni oʻtkazish uchun prokurorga yuborishga; 4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va amnistiya aktini qoʻllashga; 5) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga; 6) birinchi instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga; 7) birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgartirishga. Kassatsiya instansiyasi sudining birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) boʻyicha chiqarilgan ajrimi uzil-kesildir, bundan ushbu Kodeksning 308 , 317-moddalarida va 59-bobida nazarda tutilgan hollar mustasno.