Jinoyat-protsessual kodeksi 509-5-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash

Sudya kassatsiya shikoyati (protesti) bilan birga kelib tushgan jinoyat ishini oʻrganib, sud majlisini tayinlash toʻgʻrisida yetti sutkadan kechiktirmay ajrim chiqaradi, unda quyidagi masalalarni hal etadi: 1) jinoyat ishini koʻrib chiqish joyi, sanasi va boshlanish vaqti toʻgʻrisidagi; 2) sud majlisiga taraflarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini chaqirish haqidagi; 3) ushbu Kodeksning 19-moddasida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishini yopiq sud majlisida koʻrish toʻgʻrisidagi; 4) ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan mahkumning sud majlisida ishtirok etishi haqidagi. Ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutka ichida jinoyat protsessi ishtirokchilariga sud majlisining joyi, sanasi va boshlanish vaqti tayinlanganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi. Agar jinoyat ishini oʻrganish chogʻida birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu Kodeks 503-moddasi ikkinchi qismining talabi bajarilmaganligi aniqlansa, sudya ishni kassatsiya tartibida koʻrib chiqishga monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun ishni shu sudga qaytaradi.