Jinoyat ishini kassatsiya tartibida sud majlisida koʻrishda quyidagilar ishtirok etishi shart: 1) tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, ularning oʻrinbosarlari yoki ular tomonidan vakolat berilgan prokuror; 2) himoyachi — ushbu Kodeksning 51 va 52-moddalarida koʻrsatilgan hollarda. Mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari kassatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrishda ishtirok etishga haqli. Jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtayotgan mahkumning ishtirok etishi zarurligi toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan hal etiladi. Mazkur shaxslar sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etishi mumkin. Kassatsiya tartibida koʻrilayotgan ish boʻyicha sud majlisining joyi, sanasi va vaqti toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni koʻrishga monelik qilmaydi, bundan sud majlisida ishtirok etishi shart boʻlgan shaxslar mustasno.