Qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga muvofiq mahkumni jazoni ijro etishning bir tartibli koloniyasidan boshqa tartibli koloniyasiga, turmadan koloniyaga va koloniyadan turmaga oʻtkazish jazoni ijro etish muassasasi maʼmuriyatining taqdimnomasiga binoan, shuningdek mahkumning yoki uning himoyachisining iltimosnomasiga koʻra sudya tomonidan amalga oshiriladi. Sudya jazoni ijro etishning bir tartibli koloniyasidan boshqa tartibli koloniyasiga, turmadan koloniyaga, koloniyadan turmaga oʻtkazishni rad etsa, bu masala yuzasidan kiritilgan taqdimnoma yoki iltimosnoma rad qilish haqida qaror chiqarilgan kundan boshlab kamida olti oy oʻtgach qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga muvofiq mahkumni tarbiya koloniyasidan jazoni ijro etish koloniyasiga oʻtkazish tarbiya koloniyasi maʼmuriyatining bolalar masalalari boʻyicha komissiya bilan kelishilgan taqdimnomasiga binoan sudya tomonidan amalga oshiriladi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan mahkumni tarbiya koloniyasidan jazoni ijro etish koloniyasiga oʻtkazish masalasini hal etishda sudya uning tuzalish darajasini hisobga olishi lozim. Mahkum tarbiya koloniyasida jazoni oʻtash muddatini davom ettirish uchun uzogʻi bilan yigirma bir yoshga toʻlgunga qadar qoldirilishi mumkin.