Jinoyat-protsessual kodeksi 555-modda. Voyaga yetmagan ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot choralari

Ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻlgan taqdirda voyaga yetmagan ayblanuvchiga ushbu Kodeksning 237-moddasida nazarda tutilgan ehtiyot choralaridan birini qoʻllash mumkin. Voyaga yetmagan shaxs ota-onasining, homiylar, vasiylarning qaroviga yoki, basharti u bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan boʻlsa, shu muassasa rahbarlarining qaroviga ham berilishi mumkin. Voyaga yetmagan ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot choralari qoʻllanilgani toʻgʻrisida uning qonuniy vakiliga, agar bunday vakil boʻlmasa, boshqa qarindoshlariga xabar qilinadi.