Sudning ajrimi quyidagi qoidalar boʻyicha tuziladi. Sud ajrimining kirish qismida: 1) sud ishining raqami, ajrim chiqarilgan vaqt va joy; 2) ajrim chiqargan sudning nomi, sudyaning, sud majlisi kotibining, taraflarning, tarjimonning ismi, otasining ismi va familiyasi; 3) gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining ismi, otasining ismi va familiyasi, tugʻilgan yili, oyi, kuni va joyi, yashash joyi, ishlash joyi, mashgʻuloti, maʼlumoti va ish uchun ahamiyatga molik boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. Sud ajrimining tavsif qismida yarashuv uchun asos boʻlgan holatlar bayon etiladi, ushbu Kodeksning 585-moddasida sanab oʻtilgan masalalarga javoblar ifodalanadi. Ajrimning qaror qismida sud quyidagi masalalarni hal etadi: 1) jinoyat ishini taraflarning yarashganligi munosabati bilan yoki ushbu Kodeksning 83 va 84-moddalarida belgilangan boshqa asoslar boʻyicha tugatish yoxud uni umumiy qoidalar boʻyicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni amalga oshirish uchun prokurorga yuborish toʻgʻrisidagi; 2) ehtiyot chorasi toʻgʻrisidagi; 3) ashyoviy, yozma va raqamli dalillar toʻgʻrisidagi; 4) zararni qoplash toʻgʻrisidagi. Sudning ajrimiga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar), ularning qonuniy vakillari, himoyachi tomonidan xususiy shikoyat berilishi hamda prokuror tomonidan xususiy protest keltirilishi mumkin.