Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosari ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarni berish toʻgʻrisidagi materiallarni oʻrganib va tekshirib chiqqanidan keyin, agar ular tegishli tarzda rasmiylashtirilgan boʻlsa hamda ushbu Kodeksda va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda mazkur shaxslarni berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, bu haqda xorijiy davlatning vakolatli organiga va berish masalasini koʻrib chiqish toʻgʻrisida murojaat qilgan shaxsga xabar qiladi. Ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxslarning berilishi ularni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish, jazoning oʻtalmay qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish, afv etish, amnistiya aktini qoʻllash, shuningdek tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllashni tugatish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda iltimos qilish huquqidan mahrum etmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu Kodeksning 611-moddasida koʻrsatilgan shaxsni berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqida, shuningdek xorijiy davlat sudining Oʻzbekiston Respublikasi sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi qarori haqida hukmni yoki ajrimni chiqargan sudni xabardor qiladi. Oʻzbekiston Respublikasida amnistiya akti eʼlon qilingan taqdirda, prokurorning iltimosnomasiga binoan sud berilgan shaxsga nisbatan amnistiya aktini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi.