Guvohning advokati belgilangan tartibda guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda unga zarur yuridik yordam koʻrsatish vakolatiga ega boʻlgan shaxsdir. Jinoyat ishida taraflar manfaatini himoya qilayotgan shaxs mazkur ish boʻyicha guvohning advokati boʻlishi mumkin emas. Guvohning advokati ishda ishtirok etishga u advokatlik guvohnomasini koʻrsatganidan va orderni taqdim etganidan soʻng, guvoh chaqirilgan paytdan eʼtiboran qoʻyiladi. Guvohning advokati: huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilayotgan shaxsning qaysi jinoyat ishi boʻyicha chaqirilganligini bilish; guvohning soʻroq qilinishida, shuningdek u ishtiroki bilan oʻtkazilayotgan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etish, unga qisqa maslahatlar berish; soʻroq qilayotgan shaxsning ruxsati bilan guvohga savollar berish; guvohni soʻroq qilishda ishtirok etayotgan tarjimonni rad qilish haqida qonunda belgilangan tartibda arz qilish; soʻroq tugaganidan soʻng guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisidagi, soʻroq bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan arzlarini bayon etish huquqiga ega. Guvohning advokati: guvohga zarur yuridik yordam koʻrsatishi; dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, guvohlarni koʻndirishga urinish va boshqa qonunga xilof harakatlar orqali haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qilmasligi; ishni tergov qilishda va sud majlisi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.