Tarjimon: tarjimani aniqlashtirish maqsadida protsess ishtirokchilariga savollar berish; oʻzi qatnashgan tergov harakatlari bayonnomasi, shuningdek sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish hamda bayonnomaga kiritilishi lozim boʻlgan mulohazalar bildirish; basharti tarjima qilish uchun zarur bilim va malakaga ega boʻlmasa, ish yuritishda ishtirok etishdan voz kechish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqiga egadir. Tarjimon: surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning, sudning chaqiruviga binoan hozir boʻlishi; oʻziga topshirilgan tarjimani aniq va toʻliq bajarishi; tarjimaning toʻgʻriligini oʻzining ishtirokida oʻtkazilgan tergov harakati bayonnomasi va sud majlisining bayonnomasiga, shuningdek protsess ishtirokchilariga ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilib topshiriladigan protsessual hujjatlarga imzo chekish bilan tasdiqlashi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart. Tarjimon bila turib notoʻgʻri tarjima qilgan taqdirda qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.