Tergov harakatlari quyidagi hollarda videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladi: 1) shaxsning jinoyat ishini tergov qilayotgan organga yoki tergov harakati oʻtkazilayotgan joyga sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra bevosita kelish imkoniyati boʻlmaganda; 2) jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash zarurati tugʻilganda; 3) kechiktirib boʻlmaydigan tergov harakatlari oʻtkazilganda; 4) tergov harakatini oʻtkazish qiyinlashishi yoki ortiqcha xarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida asosli sabablar mavjud boʻlganda. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tegishli qaror chiqaradi.