Jinoyat-protsessual kodeksi 91-3-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish shartlari va tartibi

Muayyan tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish haqida qaror qabul qilingan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud jinoyat protsessining muayyan ishtirokchisini chaqirtirishni va tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishni tashkil etishni soʻrab tegishli organga ushbu Kodeks talablariga muvofiq topshiriq yuboradi. Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning topshirigʻini bajaruvchi mansabdor shaxs chaqirtirilgan jinoyat protsessi ishtirokchisining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirishi, uning ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini taʼminlashi va tergov harakati tugallanguniga qadar uning yonida boʻlishi kerak. Tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish uchun mutaxassislar jalb qilinishi mumkin. Videokonferensaloqa rejimida soʻroq, shaxslarni yoki narsalarni tanib olish yoxud yuzlashtirish ushbu Kodeksning 96 — 108 , 112 — 131-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Tergov harakati ishtirokchilariga videokonferensaloqada ishtirok etayotgan shaxslarga savollar berish va ulardan javoblar olish, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual huquqlar va majburiyatlarni amalga oshirish imkoniyati taʼminlanishi kerak.