Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalari elektron maʼlumotlarni tashuvchi tegishli vositalarga bayonnoma tuzilgan holda yoziladi va qayd etiladi. Tergov harakatining bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud va topshiriqni bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan tuziladi. Videokonferensaloqa materiallari bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi. Tergov harakatining bayonnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga rioya qilingan holda tuziladi va unda jinoyat protsessi ishtirokchilari koʻrsatuvlarining mohiyati aks ettiriladi. Videokonferensaloqa yozuvining vaqti oʻtkazilgan tergov harakatining aniq vaqtiga mos kelishi kerak. Videokonferensaloqa jarayonidagi tanaffuslar yuzasidan izoh berilishi hamda ular videoyozuvda va bayonnomada aks ettirilishi kerak. Videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan tergov harakati bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud, topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs hamda tergov harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan imzolanadi. Topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnoma surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga yuboriladi.