Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart boʻlgan davlat organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi. Ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallar soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi. Taklif davlat organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi, qoʻshimcha oʻrganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga oʻn kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.