Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida 23-modda. Murojaatni koʻrib chiqqan davlat organining majburiyatlari

Murojaatni koʻrib chiqqan davlat organi murojaat etuvchiga koʻrib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat koʻrib chiqilganidan soʻng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi shart. Murojaatlarga javoblar, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, murojaatda koʻrsatilgan har bir masala boʻyicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan davlat organining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi boʻlmasa, uning ustidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart. Murojaatni koʻrib chiqqan davlat organi, uning mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari murojaatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki maʼnaviy ziyon yetkazilgan boʻlsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning oʻrnini qoplash yoki maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi shart.